XAVFLI O‘YINCHOQLAR
img description
Bolalar uchun Xavfli O'yinchoqlar: Oldini Olish Choralari

XAVFLI O‘YINCHOQLAR

Bolalik ayolni uydagi yumushlari birtalay va oldidagi kichkintoy bolasiga turli o‘yinchoqlarni berib, o‘z ishlari bilan shug‘ullanishga imkon topadi.

Yonginasida o‘ynab o‘tirgan bolakay to‘satdan bezovtalanib, ketma-ket o‘qchib, chinqirib yig‘lasa, entikib nafas olarkan onaning e’tiborini o‘ziga tortadi. Nima bo‘ldi?

Ma’lumki, kichkina bola qo‘liga nima tushsa, darhol og‘ziga olib boradi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Buzilgan o‘yinchoq mashinasining uchlik qismi tomog‘iga tiqilib qolgan edi. Ona chinqirib yig‘layotgan bolasining og‘ziga barmog‘ini tiqib, tiqilgan narsani olishga harakat qildi, ammo ilojini topmadi va zudlik bilan bolani statsionarga olib borishni anglab, iztirob bilan shifokor-otolaringologga uchradi.

Hayriyat, predmet halqumga ko‘ndalang turib qolgan ekan, mutaxassis uni ehtiyotkorlik bilan olib tashlashga muvaffaq bo‘ldi.

Birgina ushbu holat eslatmoqdaki, yosh bolani yaqiniga zarar yetkazadigan turli buzilgan o‘yinchoqlar, tugmacha, igna, to‘g‘nog‘ich, tanga, angishvona, qaychi, ho‘l meva danaklari (olcha, o‘rik, olxo‘ri, tarvuz, no‘xot va h.), dori tabletkalari, dumaloq shakldagi va uchlik, qirralik predmetlarni qo‘ymaslik kerak. Agarda ana shunday noxush holat bolangizda sodir bo‘lsa, o‘zingizcha uni og‘iz-burundan olib tashlashga urinmasdan, darhol shifokorga murojaat qilish kerak, aks holda muolajani murakkablashtirib yuborishingiz mumkin.

Yana bir boshqa holatda, bola bilib-bilmasdan og‘zidagi ovqatni shoshilib tanavvul qilayotgan paytida to‘satdan kulishi, gapirishi oqibatida ovqat bo‘lagi yoki bironta predmet (tarvuz, qovoq, qovun urug‘i yoki olcha, no‘xot, non, go‘sht tishlami, ruchkani qopqog‘i va h.) nafas olish yo‘liga (traxeya, bronx) ketib qolishi mumkin. Bunday hollarda bolada o‘qchish, nafas yetishmasligidan bo‘g‘ilish, hattoki hushdan ketish alomatlari kuzatiladi va shoshilinch ravishda bolani statsionarga olib borish kerak bo‘ladi.

Aksariyat hollarda, bolalar burun yoki qulog‘iga turli predmetlarni (paxta, bint, gugurt cho‘pi, tanga, tugmacha, mosh va h.) tiqib yuborishlari mumkin. E’tiborli tomoni shundaki, bu holat bolani bezovta qilmaydi va ba’zan buni atrofdagilardan qo‘rqish sababli yashirishi, keyinchalik esidan chiqarib ham yuborishi mumkin. Shunda ota-onalar va oila a’zolari boladagi o‘zgarishlarni (manqalanib gapirishi, burun bir tomoni bo‘rtibroq turishi, uxlaganda qiynalib nafas olishi, o‘qtin-o‘qtin qo‘lini bir tomondagi burun katagi yoki qulog‘iga olib borishi, burundan yoqimsiz hid kelishi, eshitish qobiliyati pasaygani va h.) sezib qoladilar. Ba’zan burun katagiga kirib, uzoq turib qolgan predmet shilliq va kalsiy moddasi bilan qorishib, qotishi va yiringlashini kuzatish mumkin.

Bunday noxush holatlarni oldini olishning birdan-bir yo‘li – kichkintoylarni e’tiborsiz yolg‘iz qoldirmaslik va sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan predmetlarni qo‘l yetmaydigan joylarga qo‘yish zarur. Oila davrasidagi ovqatlanish paytida, bolalarga sho‘xlik qilmaslik kerakligi, og‘izdagi ovqat bilan gapirish, kulish mumkin emasligini bot-bot eslatish lozim bo‘ladi.

”Zdorove” jurnali, 1962, № 7, prof. M.I.Volfkovich maqolasi asosida tayyorlandi