YANA ATEROSKLЕROZ HAQIDA
img description
ATЕROSKLЕROZ

Qon tomirlarda sklerozga tegishli o‘zgarishlar keksa yoshdagilarda uchraydigan va bu o‘zgarishlarni odamning yoshi yuqorilagan sari ko‘payib borishi tabiiy hodisa, keksalikning bir belgisi, degan qarashlar XX asrga kelib o‘z kuchini yo‘qotib, olimlarni ilmiy izlanishlar, tajribalar o‘tkazib, bu borada yangidan-yangi ilmiy nazariyalarni yuzaga keltirishlariga o‘rnini bo‘shatib berdi.

Avvaliga 1908 yili iqtidorli tadqiqotchi bo‘lgan professor A.I. Ignatovskiy o‘tkazgan tajribasida – quyonlarni noodatiy bo‘lgan sut, go‘sht, tuxum sarig‘i bilan ovqatlantirganda qon tomir devorlarida skleroz o‘zgarishlari yuzaga kelgan bo‘lsa, xuddi shunday natijani L.V. Sobolev, L.M. Starokadovskiylar tomonidan hayvonlarga oqsilga boy ovqatlar berilganda, prof. N.V. Stukkey esa o‘zining quyonlardagi tajribalarida faqat tuxum sarig‘ini berish orqali olgan. Ammo akademik N.V. Veselkinning olib borgan tadqiqot ishlarida ma’lum bo‘ldiki, tuxum sarig‘ida sklerozga sababchi bo‘luvchi xolesterindan tashqari, aterosklerozni yuzaga kelishiga qarshi xususiyatga ega bo‘lgan letsitin degan modda ham mavjud ekan.

Akademik N.N. Anichkov dastlab aterosklerozning modelini yaratdi: har kuni tajribada quyonlarning oshqozoniga kungaboqar yog‘ida eritilgan toza holdagi xolesterinni yuborib, 3-4 oy o‘tgach, ularning qon tomirlarida odamdagi sklerozga o‘xshash o‘zgarishlarni aniqladi. Olim 1913-1914 yillarda avvaliga o‘zining “infiltratsiya”, so‘ngra “kombinatsiya” nazariyalarini e’lon qildi. Unga muvofiq, kasallikni boshlanishi, qonni suyuq qismi (plazma)dagi xolesterin cho‘kib, qon tomir devorlariga yopishadi va yog‘simon dog‘ hosil qiladi, asta-sekin kattalashib, biriktiruvchi to‘qima bilan birgalikda bir qancha o‘zgarishlardan keyin qon tomir devorida ateroskleroz bo‘tqasini (blyashka) yuzaga keltiradi.

Uzoq yillar davomida sklerozga tegishli o‘zgarishlar, odamlarda 40-45 yoshdan keyin boshlanadi degan qarashlarni, akademik N.N. Anichkov va uning shogirdlari xato ekanligini isbotladilar. Ateroskleroz bolalik yoshidan rivojlanishi aniqlandi va skleroz keksalikni yo‘ldoshi emasligi, ba’zan keksalarni qon tomirida skleroz o‘zgarishlari bo‘lmasligi haqida fikr bildirildi. Olim, qon tomirlardagi skleroz o‘zgarishlari kasallik ekanligi va uni davolash, oldini olish mumkinligi to‘g‘risidagi xulosaga keldi.

Nima uchun hamma odamlarda birdek qon tomir sklerozi rivojlanmaydi? Uning sabablari va mexanizmi nimadan iborat? Ma’lum bo‘lishicha, xolesterinni plazmadan cho‘kishiga letsitin moddasi qarshilik ko‘rsatar ekan. Demak, plazmada letsitin qancha ko‘p bo‘lsa, xolesterinni plazmadan cho‘kishi ham shuncha kamayadi. Bundan tashqari, plazmada xolesterinni doimiy ravishda turib qolishiga uni oqsil bilan birikib, lipoprotein holida bo‘lishi ahamiyatli ekan. Ammo modda almashinuvini buzilishi natijasida qondagi lipoprotein parchalanishi mumkin va oqsildan ajralgan xolesterin plazmadan qon tomir devoriga cho‘kadi.

Albatta, iste’mol qilingan tuxum sarig‘i aterosklerozni kelib chiqishida yagona sababchi emas, balki modda almashinuvini idora qilib turuvchi ichki mexanizmni buzilishi asosiy rol o‘ynaydi. Keyingi izlanishlarda aniqlanishicha, qon bosimi kasalligida aterosklerozni avj olishi, qalqonsimon bezning tiroksin gormoni xolesterin modda almashinuvini muvofiqlashtirishda ishtirok etishi bilan bog‘liq ekan. Masalan bo‘qoq kasalligida (bazedov kasalligi) bemorning qonida tiroksin gormonining miqdori ko‘payib, xolesterin darajasi normadagidan ham pasayib ketishi ma’lum. Organizmda yog‘ almashinuvini buzilishida tireodin dori preparatini ozgina miqdordagi dozasini organizmga yuborilishi ham qondagi xolesterin miqdorini keskin kamaytiradi. Agarda qondagi tiroksin gormoni kamaysa, plazmadagi xolesterin foizi ortadi va aterosklerozni rivojlanishiga qulay sharoit yuzaga keladi.

Markaziy asab tizimini xolesterin modda almashinuvi va qon tomirlardagi o‘zgarishlarni boshqarishdagi ahamiyati katta. Shuni unutmaslik kerakki, xolesterin organizmdagi har bir hujayra tarkibiga kiradi va ayniqsa, nerv to‘qimasi uchun kerakli modda hisoblanadi. Shuning uchun organizm xolesterinni tashqaridan ovqat bilan kirishiga qanoatlanmasdan o‘zida (jigar va ichaklarda) ham mustaqil ravishda, ovqatlarni parchalanishi natijasida hosil bo‘lgan oqsil va uglevodlardan sintez qilib oladi. Organizmda bir sutkada 2-3 gramm xolesterin hosil bo‘lishi aniqlangan. Shu vaqt ichida odamni tashqaridan ovqat tarkibida qabul qilgan xolesterin miqdori esa bor-yo‘g‘i o‘rtacha yarim grammni tashkil etadi. Organizmni o‘zida hosil bo‘luvchi xolesterin va tashqaridan kirgan xolesterinni miqdoriy muvozanati, molekulalarni buzilishi, parchalanishi jarayonini muntazam kechishi bilan ta’minlanadi.

Hech shubhasiz, ateroskleroz – organizmdagi chuqur ichki jarayonlarni buzilishi bilan bog‘liq murakkab umumiy kasallikdir. Ushbu jarayonga ta’sir ko‘rsatish mumkinmi?

Bu borada, yod preparatini aterosklerozni davolash va uni oldini olishdagi samarali ekanligi, umumiy qabul qilingan qoida asosida ishlatilishi (sil, buyrak, gemorragik diatez, teri kasalliklaridan tashqari) aniqlangan.

Shuningdek, aterosklerozning rivojlanish jarayonini pasaytirishda askorbin kislota, Vit. Ye va Vit. V12 hamda foliy kislota foydali ta’sir ko‘rsatishi ma’lum bo‘ldi. Ba’zi bir oziqa moddalar dori preparatlari (xolin, metionin, betain, letsitin) sifatida ishlatiladi. Ovqat ratsionidagi yog‘larni xarakteri (to‘yingan va to‘yinmagan) ham aterosklerozni oldini olishda ahamiyatlidir. Masalan, AQSHda organizmni energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qoplashda, 48 foizini hayvon yog‘laridan olinishi hisobga olinsa, ushbu mamlakat miokard infarkti ko‘pligi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Italiya aholisi esa asosan o‘simlik yog‘laridan foydalanadi (hayvon yog‘idan foydalanish 20 foiz) va miokard infarkti kam darajada uchraydi.

Bugungi kunda shu narsa tasdig‘ini topganki, har qanday o‘simlik yog‘idan (ayniqsa makkajo‘xori yog‘i) foydalanish aterosklerozni davolash va oldini olishda o‘ta samaralidir, chunki unda Vit. Ye, sitesterinlar va ko‘p foizda to‘yinmagan yog‘lar mavjud.

("Здоровье" jurnali, 1960, № 10, prof. Z.M. Volinskiy maqolasi asosida tayyorlandi)