YURAK INFARKTIDAN KEYIN
img description
Yurak xurujidan keyingi hayot: tiklanish va tavsiyalar

YURAK INFARKTIDAN KEYIN

Odam miokard infarktini boshdan o‘tkazdi va og‘ir kasallik ortda qoldi. Ammo tezda hayotiy muhim bo‘lgan muammolar yuzaga keladi: bundan buyog‘iga o‘zini qanday tutishi kerak, ishi nima bo‘ladi, umuman ishlay oladimi? Bu savollarga javob berish uchun ko‘pchilik bemorlarni nimalar qo‘rquvga solishini aniqlash lozim.

“Infarkt” atamasi lotincha infarcire – berkitmoq, to‘ldirmoq bo‘lib, qon aylanishini to‘xtashi natijasida halok bo‘lgan to‘qima xududini anglatadi.

Yurak mushaklari (miokard) infarkti yurak arteriya qon tomiridan bir shoxchasini to‘lib qolishi yoki keskin torayishi oqibatida sodir bo‘ladi, ya’ni qon yetib kelmagan yurak to‘qimasi halok bo‘ladi. Yurakning halok bo‘lgan mushak tolalari asta-sekin so‘rilib, uning o‘rnida biriktiruvchi to‘qima rivojlanadi va bu yerda chandiq hosil bo‘ladi.

Xo‘sh, nima sababdan yurak qon tomiri torayadi? Ko‘pincha – arteriya qon tomir devorining surunkali kasalligi – ateroskleroz. Ateroskleroz jarayonini kechishi davomida tog‘aysimon konsistensiyadagi yog‘li bo‘tqa (blyashka) tomir devorlarida bo‘rtma shaklida yuzaga keladi hamda shu yerda kalsiy tuzlari ham to‘planadi va qattiqlashib, skleroz hosil qiladi.

Ateroskleroz ko‘pchilik odamlarda 45 yoshdan keyin turli darajada kuzatiladi, ammo ateroskleroz hammada ham rivojlanmaydi va keksalik kasalligi hisoblanmaydi. Ateroskleroz natijasida ro‘y beruvchi o‘zgarishlar yoshlar va hatto bolalarda ham aniqlanishi mumkin. Lekin bu yoshdagi bo‘tqalar keyinchalik so‘rilib izsiz yo‘qolib ketadi. Klinik kuzatishlar natijasida keksa yoshdagilarda ham aterosklerozga xos o‘zgarishlar yo‘qolishi mumkin.

Ma’lumki, ateroskleroz organizmdagi lipoidlar (yog‘lar) almashinuvini buzilishi, markaziy nerv tizimi faoliyatini zo‘riqishi – stresslar, surunkali asab buzilishilari, og‘ir ruhiy kechinmalar – oqibatida kelib chiqadi. Asablar zo‘riqishi bilan bog‘liq qon tomirlarni torayishi (spazm), keyinchalik ateroskleroz bo‘tqalari bilan yanada torayadi. Aterosklerozni kelib chiqishidan avval, hayvon yog‘lari va oqsilni haddan ortiq iste’mol qilish alohida o‘rin tutadi. Bunday tarkibda ovqatlanish qonda xolesterin va unga yordamlashuvchi moddalarni to‘planishiga olib keladi.

Shuningdek, aterosklerozni paydo bo‘lishida tamaki chekish ham katta rol o‘ynaydi. Tamaki tutunidagi nikotin aterosklerozni rivojlanishini tezlashtirishi 2 xil (bir tomondan u arteriya devoriga bevosita ta’sir ko‘rsatsa, ikkinchidan arteriya qon tomirini spazmga moyilligini kuchaytiradi) yo‘l bilan kechadi.

Yurak qon tomirlarini torayishi natijasida unga kelayotgan qon miqdori kamayadi, ya’ni yurak faoliyati natijasida qonga bo‘lgan ehtiyoj to‘liq qoplanmaydi. Oldiniga bunday nomutanosiblik faqat jismoniy harakatlarda ro‘y bersa, keyinchalik zinapoyalardan ko‘tarilishda, piyoda yurishda, hatto bir joyda tinch o‘tirganda ham paydo bo‘ladi va yurak sohasida og‘riq, uni chap qo‘lga yoki ikkala qo‘lga tarqalishi kuzatiladi. Yurak qon tomiri to‘liq berkilib qolganda esa infarkt sodir bo‘ladi va buni EKGda ham belgilari aniqlanadi.

Miokard infarktini boshdan o‘tkazgan odamlarga quyidagilarni tavsiya etish mumkin:

  1. aterosklerozni rivojlanishi va yurak infarktini qaytalanishini oldini olish uchun qat’iy rejimga rioya qilish;
  2. turli xil asab buzilishlari, stresslardan yiroqlashish;
  3. infarktdan oldingi turmush va mehnat sharoitlari o‘zgarmagan holda, yana shunday ishni davom ettirishga intilayotgan bemorlarni tinchlantirish va aksincha, yengil jismoniy harakatlar bilan bog‘liq ishlarga nisbatan bemorlardagi qo‘rquvni yengib o‘tish;
  4. to‘g‘ri ovqatlanish rejimiga (ovqatni miqdori, sifati va ovqatlanish soni) rioya qilish;
  5. semirishdan saqlanish, ayniqsa tarkibida xolesterin miqdori ko‘p bo‘lgan ovqat mahsulotlarini (tuxum sarig‘i, smetana, yog‘li pishloq, go‘sht, baliq, miya, jigar, buyrak va h.) cheklash, shuningdek, o‘simlik yog‘i va mahsulotlari (dukkakli mevalar – no‘xot, loviya va h.), tarkibida bo‘lgan letsitin va Vit.S ni qon tomirlarda xolesterin to‘planishiga qarshi ta’sir ko‘rsatishini esdan chiqarmaslik;
  6. organizmni suyuqliklarga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish uchun tuz iste’molini kamaytirish;
  7. bir o‘tirishda ko‘p miqdorda ovqat yemaslik (sababi, ovqatga to‘lgan oshqozon diafragmani ko‘tarib, yurak faoliyatini qiyinlashtiradi) hamda ovqatdan keyin darhol ichimlik ichmaslik;
  8. ich qotishidan saqlanish va buning uchun qora non, yangi sabzavot va mevalar (olxo‘ri, turshak) iste’mol qilish;
  9. tamaki chekish va spirtli ichimliklardan qat’iy voz kechish, zero alkogol ichilgandan keyin to‘yib ovqatlanishga ehtiyoj tug‘ilishini unutmaslik;
  10. yurakda infarkt o‘tkazgan bemor ertalabki yengil jismoniy badan-tarbiya mashqlari, tekis yo‘lda piyoda yurish va umumiy ahvoli yaxshi bo‘lganda yengil mehnat bilan shug‘ullanish;
  11. har kuni bir vaqtda uyquga yotish va 8 soat uyquni ta’minlash;
  12. mehnat faoliyati tinchlik va xotirjamlik, bir necha yillar davomida shakllangan vazifalarni bajarishda shoshilinch harakatni talab qilmaydigan, asablar taranglashuvi, ruhiy-asabiy zo‘riqishlar, davomli majlislar bo‘lmaydigan sharoitlarga ega bo‘lishi lozim. Ish joyida tamaki tutuni to‘planmasligi va xonadagi harorat keskin almashib turmasligi zarur.

 

(“Здоровье” jurnali, 1960, № 6, prof. L.I.Fogelson maqolasi asosida tayyorlandi)