YURAK INFARKTIDAN OGOHLANTIRISH
img description
yurak infarktini ogohlantiruvchi belgilar va oldini olish usullari

Yurak sohasidagi og‘riqni ko‘pchilik, ayniqsa stenokardiya, qon bosimi (gipertoniya), ateroskleroz kasalligi bo‘lgan bemorlar yaxshi biladilar. Og‘riqni kelib chiqishi, yurak qon tomirlarida xolesterin yog‘ moddasini yillar davomida yig‘ilib uni toraytirib qo‘yishi, tomirlar devorini elastikligi kamayib, spazm ro‘y berganda yurak tomirlaridan qonni o‘tishi qiyinlashuvi va oxir-oqibat tromb bilan berkilib qolishi natijasida qonsizlangan miokardni tegishli hududida infarkt ro‘y berishi bilan kuchli og‘riq yuzaga kelishidan ham xabarlari bor.

Ammo, aksariyat bemorlar kasallikni shunday og‘ir holatga kelishini oldini olishga shoshilmaydilar, shifokorni bergan tavsiyalariga har doim ham to‘liq rioya qilmaydilar yoki e’tiborli bo‘lmaydilar.

Yurak infarktidan oldin, undan darak beruvchi, ogohlantiruvchi belgilar bo‘ladimi? Masalan, to‘satdan ro‘y bergan yoki surunkali, o‘qtin-o‘qtin yurak sohasidagi og‘riqlar oila yoki xizmat joyidagi qattiq asabiylashuv, qon bosimini ko‘tarilishi, og‘ir jismoniy harakatlarni bajarish, ko‘p qavatli uy zinapoyalaridan ko‘tarilish, havosi dim bo‘lgan xonada uzoq o‘tirish, sovuq havoda ko‘p turib qolish, tungi uyqusizlik va boshqa sabablar tufayli paydo bo‘ladi.

Kasallikni dastlabki va o‘rta bosqichlarida yurak qon tomirlarini kengaytirib, qon oqishini yaxshilaydigan validol va nitroglitsirin kabi dori vositalari og‘riqni yo‘qotishga yordam beradi, ammo kasallik o‘zining yuqori bosqichiga yetganda kuchi yetmaydi va yurak infarkti ro‘y berishi aniq bo‘lib qoladi.

Shu o‘rinda, avvalo mehnat va dam olish rejasini noto‘g‘riligi, aqliy mehnat kishilarida yetarlicha jismoniy harakatni yetishmasligi, kamharakatlik, ko‘pincha oshqozonni yog‘li ovqat bilan to‘ldirib iste’mol qilish oqibatida yuzaga keluvchi semizlik va ateroskleroz yurak infarktini kelib chiqishida yordamchi omillar bo‘lib xizmat qilishini eslatmoq lozim.

Yurak qon tomirlari aterosklerozini rivojlanishiga umr davomida tamaki chekish, spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish, arzimagan narsalardan xafa bo‘lib, uni yuragiga yaqin olish, tashvishli hayot tarziga berilish qulay shart-sharoitlarni yaratib beradi.

Yurak infarktini ro‘y berishi kutilayotgan bir paytda, yangi dori preparatlari, ya’ni antikoagulyantlar – qonni quyuqlashuviga (koagulyatsiya) qarshilik ko‘rsatib, natijada qon tomirda tromb hosil bo‘lishiga to‘sqinlik qiluvchi dori moddalari (geparin, dikumarin, neodikumarin, pelentan, fenilin) kashf etildi. Ularning ta’sirida kasallik jarayoni ancha yengillashdi, prognozi yaxshilandi, ko‘pchilik bemorlar kasallikdan keyin yana mehnat qobiliyatlarini tiklab oldilar.

Surunkali stenokardiyaga uchragan katta yoshdagi odamlarda antikoagulyantlar samarali natijalar berib, tomirlarda trombni paydo bo‘lishini oldini olibgina qolmay, yurak infarktini boshidan o‘tkazgan, ammo yurakdagi og‘riqlar hamon ularni ta’qib qilayotgan hollarda ham yaxshi ta’sir ko‘rsatib, uzoq muddatgacha bemorlarning mehnat faoliyatini davom ettirishlariga imkoniyat yaratadi.

Albatta, antikoagulyantlarni qabul qilish shifokor tomonidan qattiq nazorat qilinishi kerak, aks holda qonni quyuqlashuvi pasayib ketib, qon ketishi boshlanadi. Shu sababli antikoagulyantlar bilan bemorni davolashda qondagi protrombin miqdorini aniqlash maqsadida qayta qon tahlillari o‘tkazilishi kerak. Agarda qondagi protrombin darajasi kamayib ketadigan bo‘lsa, darhol uni quyuqlashtiruvchi turli dorilar, ayniqsa vitamin K yordamidan foydalaniladi.

("Здоровье" jurnali, 1960, № 10, prof. B.P. Kushelevskiy maqolasi asosida tayyorlandi)