Foydalanishga qarshi ko‘rsatmalar
Kontrendikatsiyalar: 1-toifa qandli diabet; buyrak kasalligi yoki buyrak funksiyasining pasayishi (serum kreatinini kontsentratsiyasi erkaklar uchun >1,5 mg/dl va ayollar uchun >1,4 mg/dl yoki KК <60 ml/min bo‘lganda), yurak-qon tomir kollapsi (shok), o‘tkir miokard infarkti yoki sepsis tufayli rivojlangan holatlar; buyrak faoliyati buzilish xavfi bilan kechuvchi o‘tkir holatlar, masalan, degidratatsiya (diareya, qusishda), isitma, og‘ir infeksion kasalliklar, gipoksiya holatlari (shok, sepsis, buyrak infeksiyalari, bronxo-o‘pka kasalliklari); o‘tkir yoki surunkali metabolik asidoz, jumladan diabetik ketoatsidoz (komatoz yoki komatozsiz); gipoksiya bilan kechuvchi o‘tkir va surunkali kasalliklar (masalan, yurak yoki nafas yetishmovchiligi, o‘tkir miokard infarkti); katta jarrohlik amaliyotlari va travmalar, insulinoterapiya kerak bo‘lgan holatlar; jigar yetishmovchiligi, jigar funksiyasi buzilishi; surunkali alkogolizm, o‘tkir alkogol bilan zaharlanish; homiladorlik, emizish davri; laktatsidoz (shu jumladan, anamnezda); yodli kontrast moddalar bilan radioizotop yoki rentgen tadqiqotlaridan kamida 48 soat oldin va keyin preparatni qo‘llash; kamkaloriyali parhezga rioya qilish (kuniga 1000 kkal dan kam); 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar; sitagliptin, metformin yoki preparatning boshqa komponentlariga yuqori sezuvchanlik.
Ehtiyotkorlik bilan: Sitagliptin va metforminning asosiy chiqarilish yo‘li buyraklar hisoblanadi va yosh o‘tgan sari buyrak faoliyati pasayishi sababli preparatni keksa yoshdagi bemorlarga buyurishda ehtiyotkorlikka rioya qilish kerak. Dozani ehtiyotkorlik bilan tanlash va metformin bilan bog‘liq laktatsidozni oldini olish maqsadida buyrak funksiyasini muntazam nazorat qilish zarur. Klinik tadqiqotlar ma’lumotlariga ko‘ra, sitagliptinning keksa (65 yoshdan katta) bemorlardagi samaradorligi va xavfsizligi yosh (65 yoshgacha) bemorlardagiga o‘xshash bo‘lgan. Metformin bilan o‘tkazilgan tadqiqotlarda keksa bemorlar soni etarli emasligi sababli samaradorlik va xavfsizlikda yosh bilan bog‘liq farqlar to‘g‘risida xulosa chiqarish qiyin, ammo mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bunday farqlar kuzatilmagan. Metformin asosan buyrak orqali chiqarilgani uchun, buyrak faoliyati buzilganida jiddiy nojo‘ya ta’sirlar xavfi ortadi, shuning uchun preparat faqat buyrak faoliyati normal ekanligi tasdiqlangan bemorlarga buyurilishi kerak.