Bemorlarni infuzion reaktsiyalar alomatlari va belgilarini, jumladan, tana harorati ko‘tarilishi, titroq, teri qizarishi, qon bosimi pasayishi, hansirash, hushtakli nafas olish, bel og‘rig‘i, qorin og‘rig‘i va toshma kabi belgilarni kuzatish kerak. Agar 3- yoki 4-darajali infuzion reaktsiyalar rivojlansa, infuziyani to‘xtatish va avelumabni bekor qilish kerak.
Avelumab qo‘llash fonida paydo bo‘lgan ko‘pgina immun vositasida yuzaga kelgan nojo‘ya reaksiyalar qaytarilgan va ular qisqa yoki uzoq muddatli avelumab terapiyasini to‘xtatish, kortikosteroidlar va/yoki yordamchi terapiyani qo‘llash orqali bartaraf etilgan. Immun vositasida yuzaga kelgan nojo‘ya reaktsiyalarni gumon qilganda, etiologiyani tasdiqlash va boshqa sabablarni istisno qilish uchun to‘liq tekshiruv o‘tkazish zarur. Nojo‘ya reaktsiya og‘irligini hisobga olgan holda avelumabni bekor qilish va kortikosteroidlar buyurish lozim. Agar nojo‘ya reaksiyalarni davolash uchun kortikosteroidlar qo‘llanilsa, gormonal doza yaxshilanishdan keyin kamida 1 oy davomida kamaytirilishi kerak. Kortikosteroidlar yordamida immun vositasida paydo bo‘lgan reaksiyalarni nazorat qilishning imkoni bo‘lmasa, boshqa tizimli immunosupressantlarni buyurish zarur.
Avelumab qabul qilgan bemorlarda pnevmonit holatlari, jumladan, o‘lim bilan tugagan bir holat kuzatilgan. Bemorlarni pnevmonit alomatlari va belgilarini kuzatish va boshqa sabablarni istisno qilish kerak. Agar pnevmonit gumon qilinsa, rentgen orqali tashxis tasdiqlanishi kerak. 2-darajadan yuqori pnevmonit rivojlanganda kortikosteroidlar (boshlang‘ich doza 1-2 mg/kg/sut prednizon yoki ekvivalent doza) buyurilishi kerak. 2-darajali pnevmonit rivojlanganda avelumabni vaqtincha to‘xtatish va simptomlar bartaraf etilgach qayta boshlash lozim. 3- yoki 4-darajali pnevmonit yoki 2-darajali pnevmonitning qaytalanishi holatida avelumabni butunlay bekor qilish kerak.
Avelumab qabul qilgan bemorlarda gepatit holatlari, jumladan, o‘lim bilan tugagan ikkita holat kuzatilgan. Bemorlarni jigar faoliyatining o‘zgarish belgilarini va gepatit simptomlarini kuzatish, shuningdek, gepatitsiz boshqa sabablarni istisno qilish kerak. Agar gepatit 2-darajadan yuqori bo‘lsa, kortikosteroidlar buyurish kerak (boshlang‘ich doza 1-2 mg/kg/sut prednizon yoki ekvivalent preparat). Gepatitning 2-darajali holatida avelumabni vaqtincha to‘xtatish, simptomlar bartaraf etilgandan so‘ng esa davom ettirish, 3- yoki 4-darajali gepatit rivojlanganda esa to‘liq bekor qilish kerak.
Avelumab qabul qilgan bemorlarda kolit holatlari kuzatilgan. Bemorlarni kolit belgilarini kuzatish va boshqa sabablarni istisno qilish kerak. 2-darajadan yuqori kolit rivojlanganda kortikosteroidlar (boshlang‘ich doza 1-2 mg/kg/sut prednizon yoki ekvivalent doza) buyurish lozim. 2 yoki 3-darajali kolit rivojlanganda avelumabni vaqtincha to‘xtatish va simptomlar bartaraf etilgandan so‘ng qayta boshlash kerak. 4-darajali kolit yoki 3-darajali kolit qaytalanishi holatida avelumabni butunlay bekor qilish kerak.
Bemorlarni endokrinopatiyalar belgilarini kuzatish zarur. 3- yoki 4-darajali endokrinopatiyalar rivojlanganda avelumabni vaqtincha to‘xtatish va simptomlar bartaraf etilgach qayta boshlash kerak.
Qalqonsimon bez funksiyasi buzilishlari davolanishning har qanday bosqichida yuzaga kelishi mumkin. Davolashdan oldin va davolash davomida qalqonsimon bez funksiyasini kuzatish kerak (klinik tekshiruv natijalariga asoslangan holda). Gipotireoz paydo bo‘lsa, o‘rinbosar terapiya qo‘llaniladi, gipertireoz paydo bo‘lsa, zaruratga qarab antitireoid preparatlar buyuriladi. 3 yoki 4-darajali qalqonsimon bez funksiyasi buzilishlari rivojlanganda avelumabni vaqtincha to‘xtatish lozim.
Bemorlarni davolash jarayonida va undan keyin buyrak usti yetishmovchiligi alomatlari va belgilarini kuzatish kerak. 3-darajadan yuqori buyrak usti yetishmovchiligi rivojlanganda kortikosteroidlar (1-2 mg/kg/sut prednizon ichiga yoki ekvivalent doza) buyurish lozim va asta-sekin doza 10 mg/sutkaga yoki undan pastga tushiriladi. 3 yoki 4-darajali buyrak usti yetishmovchiligi rivojlanganda avelumabni vaqtincha to‘xtatish kerak.
Avelumab 1-turdagi diabetni, shu jumladan, diabetik ketoatsidozni keltirib chiqarishi mumkin. Bemorlarni giperglikemiya yoki diabetning boshqa simptomlarini kuzatish zarur. 1-turdagi diabet rivojlanganda insulin buyurish kerak. 3-darajadan yuqori giperglikemiya rivojlanganda avelumab terapiyasini vaqtincha to‘xtatish va gipoglikemik preparatlar buyurish kerak. Insulin o‘rinbosar terapiyasi fonida glikemiyani nazorat qilishga erishilgandan so‘ng avelumab bilan davolashni qayta boshlash kerak.
Avelumab nefritni keltirib chiqarishi mumkin. Bemorlarni davolashdan oldin va davolash davomida qon zardobida kreatinin darajasining ko‘tarilishini kuzatish kerak. 2-darajadan yuqori nefrit rivojlanganda kortikosteroidlar (boshlang‘ich doza 1-2 mg/kg/sut prednizon yoki ekvivalent preparat) buyurish lozim. 2 yoki 3-darajali nefrit rivojlanganda avelumabni vaqtincha to‘xtatish kerak va nefrit 1-darajaga tushgandan keyin davolashni davom ettirish kerak, 4-darajali nefrit rivojlanganda esa avelumabni bekor qilish kerak.
Klinik jihatdan muhim bo‘lgan boshqa nojo‘ya reaksiyalar 1% dan kam bemorlarda qayd etilgan: miokardit, shu jumladan, o‘lim bilan yakunlangan miokardit, miozit, gipofiz yetishmovchiligi, uveit va Giyen-Barre sindromi. Boshqa nojo‘ya reaktsiyalar gumon qilinganda, etiologiyani tasdiqlash va boshqa sabablarni istisno qilish uchun to‘liq tekshiruv o‘tkazish zarur. Boshqa nojo‘ya reaktsiya og‘irligini hisobga olgan holda avelumabni bekor qilish va kortikosteroidlar buyurish kerak. Boshqa nojo‘ya reaktsiyalar 1-darajaga yoki undan pastga kamayganda kortikosteroidlar dozasini kamaytirishdan keyin avelumab bilan davolashni qayta boshlash kerak. Agar 3-darajali boshqa nojo‘ya reaksiyalar qaytalansa yoki 4-darajali reaksiyalar rivojlansa, avelumabni to‘liq bekor qilish kerak.
Avelumab transport vositalarini boshqarish va mexanizmlar bilan ishlash qobiliyatiga minimal ta’sir ko‘rsatadi. Davolash fonida charchoq kuzatilgan. Bemorlar avval avelumab nojo‘ya reaksiyalar keltirib chiqarmasligiga ishonch hosil qilmaguncha, transport vositalarini boshqarishda yoki mexanizmlar bilan ishlashda ehtiyot bo‘lishlari kerak.