Kombinatsiyalangan polivitaminli vosita, makro- va mikroelementlar bilan boyitilgan.
Retinol (A vitamini) oqsillar, lipidlar va mukopolisaxaridlar sintezida ishtirok etadi, ko'zning normal funksiyasi uchun zarur bo'lib, teri va shilliq qavatlarining infeksiyalarga qarshiligini oshiradi.
B guruhi vitaminlari turli fermentlarning hosil bo'lishiga yordam beradi va odam organizmidagi moddalar almashinuvini tartibga soladi.
Tiamin (B1 vitamini) neyromediator atsetilxolin sintezida ishtirok etadi.
Riboflavin mononukleotid (B2 vitamini kofermenti) biologik oksidlanish va energetik almashinuv jarayonlarida qatnashadi.
Kalsiy pantotenat (B5 vitamini) moddalar almashinuv jarayonlari, fosfolipidlar, steroid gormonlar va boshqa faol moddalar sintezida ishtirok etadi, to'qimalarning rivojlanishi va differentsiatsiyasini ta'minlaydi.
Piridoksin (B6 vitamini) uglevod, lipid va oqsillar almashinuviga qatnashadi.
Siyanokobalamin (B12 vitamini) nuklein kislotalarining sintezida ishtirok etadi va qon yaratish jarayonlariga ta'sir ko'rsatadi.
Askorbin kislotasi (S vitamini) biologik faol moddalar oksidlanishida ishtirok etadi, biriktiruvchi to'qima va uglevod almashinuvini tartibga soladi, qon tomirlarining o'tkazuvchanligini kamaytiradi, suyak va tog'ay to'qimalarining regeneratsiyasida qatnashadi; steroid gormonlar sintezini rag'batlantiradi va ichakda temir so'rilishini oshiradi.
Tokoferol (E vitamini) tabiiy antioksidant bo'lib, hujayra membranalarini zararlardan himoya qiladi va ularning barqarorligini saqlaydi.
Nikotinamid (PP vitamini) oksidlanish-qaytarilish jarayonlarida ishtirok etadi.
Rutozid (P vitamini) kapillyarlarning o'tkazuvchanligini kamaytiradi.
Foliy kislotasi eritropoezni rag'batlantiradi, aminokislotalar va nuklein kislotalar sintezida ishtirok etadi.
Tioktik (lipoik) kislota oksidlanish-qaytarilish jarayonlarida ishtirok etadi, gipo-lipidemik va antioksidant ta'sir ko'rsatadi, intoksikatsiya holatlarida detoksikatsiya ta'siriga ega.
Temir gemoglobin va ko'plab fermentlarning tarkibiy qismidir.
Kalsiy suyak to'qimasi uchun asosiy element bo'lib, mushaklarning qisqarishi (jumladan, miokard), qon ivishi va nerv impulslarini o'tkazish uchun zarurdir.
Kobalt qon yaratish jarayonlarini rag'batlantiradi, B12 vitaminining tarkibiy qismidir.
Magnezium yetishmovchiligi immunitetning pasayishi, yurak ritmi va miokardning qo'zg'aluvchanlik buzilishlari bilan kechadi.
Marganets suyak to'qimasi hosil bo'lishi va minerallashishiga yordam beradi.
Mis temirning normal almashinuvi uchun zarur; kislorodni to'qimalarga tashishiga yordam beradi.
Sink ko'plab ferment tizimlarining tarkibiga kiradi, insulin va boshqa gormonlar sintezini ta'minlaydi, to'qimalarning regeneratsiyasi uchun zarur.
Fosfor suyak va tishlarning shakllanishi, makroerg birikmalar sintezi va energiya ko'chirish jarayonlarida ishtirok etadi.
Kompleksning aniq tanlangan faol komponentlari Rossiya hayot tarzi, ovqatlanish va iqlim sharoitlariga mos ravishda ishlab chiqilgan. Kompleks organizmning energiya zaxiralarini qo'llab-quvvatlash, uglevodlar, lipidlar, nuklein kislotalari va oqsillarning almashinuvini ta'minlash uchun zarur; biriktiruvchi to'qima kollageni va neyromediatorlar sintezida ishtirok etadi. Kompleks organizmning himoya kuchlarini mustahkamlaydi va asab tizimining normal ishlashini ta'minlaydi, stresslarga chidamlilikni oshiradi, to'qimalarning rivojlanishi va differentsiatsiyasini ta'minlaydi, yaralarni tezroq bitishiga yordam beradi, teri, sochlar, suyaklar, tishlar va qon tomirlarining holatini yaxshilaydi. Kompleks antioksidant ta'sirga ega.
Vitaminlar va minerallarni yetarli miqdorda iste'mol qilish jiddiy kasalliklarning oldini olish va organizmning intellektual va jismoniy holatini yuqori darajada saqlashga yordam beradi.