Dori-darmonlarga chidamli bakteriya shtammlarining rivojlanish xavfini kamaytirish va davolash samaradorligini ta’minlash uchun nemonoksatsin faqat unga tasdiqlangan yoki taxminiy sezgirligi bo‘lgan bakteriyalar tomonidan keltirilgan infeksiyalarni davolashda qo‘llanilishi kerak. Davolashni boshlashdan oldin infeksiya qo‘zg‘atuvchilarini ajratib olish, ularni aniqlash va antibakterial preparatlarga (shu jumladan, nemonoksatsinga) sezgirligini aniqlash lozim. Nemonoksatsin bilan davolash yuqorida aytilgan tadqiqotlar natijalari olinmasidan ham boshlanishi mumkin, zarurat tug‘ilganda davolash keyinchalik tuzatiladi. Agar bunday tadqiqotlar natijalari mavjud bo‘lmasa, mahalliy epidemiologik ma’lumotlar va qo‘zg‘atuvchilarning sezgirligi haqidagi ma’lumotlarga asoslangan empirik davolash o‘tkazilishi lozim.
Bundan tashqari, nemonoksatsin bilan davolashda rezistentlik rivojlanishini o‘z vaqtida aniqlash uchun muntazam bakterologik tadqiqotlar o‘tkazish zarur. Agar bakterial infeksiya mavjudligini tasdiqlovchi dalillar bo‘lmasa, nemonoksatsin buyurish bemorga foyda keltirmaydi va bakteriyalarning ushbu vositaga nisbatan chidamlilik rivojlanish xavfini oshirishi mumkin.
Xinolonlar guruhidagi preparatlarni qo‘llash fonida tendonit va paylarning uzilishi (ayniqsa, Axilles payi) rivojlanishi mumkin. Bu asorat juda tez – preparatni qabul qilish boshlanganidan keyingi 48 soat ichida, yoki preparatni qabul qilish to‘xtatilganidan keyingi bir necha oy o‘tgach ham yuzaga kelishi mumkin. Tendonit va paylarning uzilishi xavfi keksa odamlarda, buyrak faoliyati buzilgan bemorlarda, turli organ transplantatsiyasidan keyingi bemorlarda, shuningdek, GKSlarni bir vaqtning o‘zida qabul qilayotgan bemorlarda ortadi. Shu sababli, nemonoksatsin bilan davolashda GKSlarni birga qo‘llashdan saqlanish kerak. Nemonoksatsin qo‘llangandan keyin tendonit va paylarning uzilishi holatlari qayd etilmagan. Agar bemorlarda og‘riq, shish, yallig‘lanish yoki pay uzilishi kuzatilsa, ularga dam olish tavsiya qilinishi va shifokorga murojaat qilishlari lozim. Tendonit yoki paylarning uzilishi rivojlanishiga shubha bo‘lsa, darhol nemonoksatsin bilan davolashni to‘xtatish va ta’sirlangan payni immobilizatsiya qilish kabi tegishli davolashni boshlash kerak.
Nemonoksatsin qo‘llanganda psixotik reaktsiyalar qayd etilmagan bo‘lsa ham, bemorlarni sinchkov kuzatish talab qilinadi. Agar bunday alomatlar paydo bo‘lsa, bemor shifokorga murojaat qilishi, nemonoksatsinni qabul qilishni to‘xtatishi va tegishli davolashni boshlashi kerak.
Nemonoksatsin bilan davolanish paytida yoki undan keyin rivojlangan diareya, ayniqsa, og‘ir darajadagi, davomli va/yoki qon bilan bo‘lishi Clostridium difficile sabab bo‘luvchi soxta membranali kolitning belgisi bo‘lishi mumkin. Soxta membranali kolit rivojlanishiga shubha tug‘ilganda, nemonoksatsin bilan davolashni darhol to‘xtatish va maxsus antibiotikoterapiyani zudlik bilan boshlash kerak. Ichak peristaltikasini susaytiruvchi preparatlar qo‘llanishi mumkin emas.
Nemonoksatsin qo‘llangandan so‘ng periferik nevropatiya holatlari qayd etilmagan. Ammo ftorxinolonlar bilan davolanayotgan bemorlarda sensor va sensor-motor periferik nevropatiya rivojlanish holatlari qayd etilgan, uning boshlanishi juda tez kechishi mumkin. Agar bemorda nevropatiya alomatlari rivojlansa, nemonoksatsinni qo‘llash to‘xtatilishi kerak. Bu qaytarib bo‘lmaydigan o‘zgarishlar rivojlanish xavfini minimallashtiradi. Bemorlar nevrropatiya alomatlari paydo bo‘lganda, bu haqda davolovchi shifokorga xabar berishlari kerak. Ftorxinolonlar anamnezida periferik nevropatiyaga oid klinik holatlari bo‘lgan bemorlarga buyurilmasligi kerak. Epidemiologik tadqiqotlar ma'lumotlariga ko‘ra, ayniqsa, keksa yoshdagi bemorlarda ftorxinolonlarni qo‘llaganidan keyin aorta anevrizmasi va aorta qatlamlanishi rivojlanish xavfi oshgani qayd etilgan. Shu sababli, ushbu preparatlar aorta anevrizmasi yoki tug‘ma yurak klapani nuqsoni oilaviy anamneziga ega bemorlar yoki aorta anevrizmasi tashxisi qo‘yilgan bemorlarda foyda-xavf nisbatini sinchiklab baholagandan keyingina qo‘llanishi kerak.
Nemonoksatsinni qo‘llashdan keyin giperglikemiya va gipoglikemiya holatlari kuzatilmagan. Biroq, ftorxinolonlar bilan davolashda, ayniqsa keksa yoshdagi bemorlar va peroral gipoglikemik preparatlar (masalan, glibenklamid) yoki insulin bilan birga davolanayotgan qandli diabet bilan kasallangan bemorlarda giperglikemiya va gipoglikemiya holatlari qayd etilgan. Bunday bemorlarda gipoglikemiya, hatto gipoglikemik koma rivojlanish xavfi ortadi. Bemorlar gipoglikemiya belgilari haqida (ong chalkashishi, bosh aylanishi, ishtahaning kuchayishi, bosh og‘rig‘i, asabiylashish, yurak urishi yoki pulsning tezlashishi, terining oqarishi, terlash, titroq, holsizlik) xabardor qilinishi lozim. Agar bemorda gipoglikemiya rivojlansa, nemonoksatsin bilan davolashni darhol to‘xtatish va tegishli davolashni boshlash kerak. Bu holatlarda, iloji bo‘lsa, boshqa antibiotik terapiyasiga o‘tish tavsiya etiladi. Keksa yoshdagi bemorlar va qandli diabetga chalingan bemorlarda nemonoksatsin bilan davolash paytida qondagi glyukoza miqdorini sinchkovlik bilan nazorat qilish tavsiya etiladi.
Fotosensibilizatsiyani oldini olish uchun bemorlarga nemonoksatsin bilan davolash vaqtida va davolash tugagandan keyingi 48 soat ichida quyosh nurlari yoki sun'iy ultrabinafsha nurlanishiga (masalan, solyariyga) duchor bo‘lmaslik tavsiya etiladi.
Boshqa antibiotiklar singari, nemonoksatsinni, ayniqsa, uzoq vaqt davomida qo‘llash, unga chidamli mikroorganizmlar (bakteriyalar va zamburug‘lar) ko‘payishiga olib kelishi mumkin, bu esa inson normal mikroflorasini o‘zgartirishi mumkin. Natijada, superinfeksiya rivojlanish xavfi ortadi. Shuning uchun davolash davomida bemorning holatini qayta baholash muhimdir, va agar davolash davomida superinfeksiya rivojlansa, tegishli choralar ko‘rish kerak.
Transport vositalari va mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta’siri
Nemonoksatsinning bunday nojo‘ya ta’sirlari, masalan, bosh aylanishi, uyqusizlik psixomotor reaktsiyalarni pasaytirishi va diqqatni jamlash qobiliyatini kamaytirishi mumkin. Ushbu nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgan bemorlarga transport vositalarini boshqarish va yuqori darajada diqqatni va tezkor psixomotor reaksiyalarni talab qiladigan boshqa potentsial xavfli faoliyat turlari bilan shug‘ullanish tavsiya etilmaydi.