Farmakokinetika: Deksmedetomidinning farmakokinetikasi sog‘lom ko‘ngillilarga tez tomir ichiga (v/v) yuborilganda va reanimatsiya bo‘limida yotgan bemorlarga uzoq muddatli infuziya qilinganda o‘rganilgan. Deksmedetomidin farmakokinetikasi ikki kamerali model yordamida tavsiflanadi. Sog‘lom ko‘ngillilarda tez taqsimlanish fazasidagi yarim taqsimlanish davri taxminan 6 daqiqani tashkil etadi. Terminal T1/2 taxminan 2.1±0.43 soat, Vss taxminan 91±25.5 l. Plazma klirensi taxminan 39(±9.9) l/soat. Vss va plazma klirensi o‘rtacha tana og‘irligi 69 kg hisobida baholangan. Reanimatsiya bo‘limidagi bemorlarda deksmedetomidin 24 soatdan ortiq infuziya qilinganidan keyin plazmadagi farmakokinetik xarakteristikasi shunga o‘xshash edi. Farmakokinetik parametrlari: T1/2 taxminan 1.5 soat, Vss taxminan 93 l, va plazma klirensi taxminan 43 l/soat. Deksmedetomidinning farmakokinetikasi 0.2-1.4 mkg/kg/soat doza oralig‘ida chiziqli hisoblanadi va 14 kungacha davom etgan davolashda to‘planmaydi. Deksmedetomidinning plazma oqsillari bilan bog‘lanishi (0.85–85 ng/ml konsentratsiya oralig‘ida) 94% ni tashkil etadi, va u inson zardob albumini va α1-kislotali glikoprotein bilan bog‘lanadi; asosiy bog‘lovchi oqsil zardob albuminidir.
Metabolizm va chiqarilishi: Jigarda metabolizmga uchraydi. Asosiy metabolitlar uch turdagi dastlabki metabolik reaksiyalar (to‘g‘ridan-to‘g‘ri N-glyukuronizatsiya, N-metilizatsiya va oksidlanish) yordamida hosil bo‘ladi, bu reaksiyalar sitoxrom P450 izofermentlari yordamida amalga oshiriladi. Deksmedetomidinning eng ko‘p aylanayotgan metabolitlari ikkita izomer N-glyukuronid bo‘lib, ulardan biri imidazol halqasining oksidlanishi natijasida, ikkinchisi esa ketma-ket N-metilizatsiya, metil guruhi gidroksillanishi va O-glyukuronizatsiya reaksiyalari orqali hosil bo‘ladi. Deksmedetomidinning oksidlangan metabolitlari CYP orqali (CYP2A6, CYP1A2, CYP2E1, CYP2D6 va CYP2C19) hosil bo‘ladi. Bu metabolitlar minimal farmakologik faollikka ega. Radioaktiv belgili deksmedetomidin v/v yuborilgandan so‘ng 9 kun o‘tib, radioaktiv moddalarning 95% i o‘rtacha siydikda, 4% esa najasda aniqlangan. Asosiy siydikdagi metabolitlar ikki izomer N-glyukuronid bo‘lib, ular dozaning taxminan 34% ini tashkil qiladi, va N-metillangan O-glyukuronid, bu 14.51% ni tashkil etadi. Ikkinchi darajali metabolitlar orasida karbon kislotalar, 3-gidroksi va O-glyukuronid metabolitlar mavjud bo‘lib, ularning har biri dozaning 1.11-7.66% ini tashkil qiladi. O‘zgarmagan moddadan siydikda 1% dan kamroq qismi aniqlanadi. Siydikdagi metabolitlarning taxminan 28% i nomalum polar metabolitlardir.
Maxsus bemor guruhlari: Jigar funksiyasi buzilgan bemorlar: Jigar yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda deksmedetomidinning plazma oqsillari bilan bog‘lanishi sog‘lom ko‘ngillilarnikiga qaraganda kamayadi. Plazmada bog‘lanmagan deksmedetomidin sog‘lom ko‘ngillilarda o‘rtacha 8.5%, og‘ir jigar yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda esa 17.9% ni tashkil etadi. Jigar funksiyasi turli darajada buzilgan bemorlarda (Chayld-Pyu shkalasi bo‘yicha A, B yoki C sinfi) deksmedetomidinning jigar klirensi pasayadi va plazmadan T1/2 uzayadi. O‘rtacha klirens ko‘rsatkichlari jigar yetishmovchiligi engil, o‘rtacha va og‘ir bo‘lgan bemorlarda sog‘lom ko‘ngillilar ko‘rsatkichiga nisbatan mos ravishda 74%, 64% va 53% ni tashkil etadi. O‘rtacha T1/2 esa yengil, o‘rtacha va og‘ir jigar yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda mos ravishda 3.9, 5.4 va 7.4 soatga uzayadi. Buyrak yetishmovchiligi: Og‘ir buyrak yetishmovchiligi (KK <30 ml/min) bo‘lgan bemorlarda deksmedetomidinning farmakokinetikasi sog‘lom ko‘ngillilar bilan taqqoslaganda o‘zgarmaydi.