Homilalik davrida foydalanish
Homiladorlik. Homiladorlik davrida epileptik xurujlarning rivojlanishi bilan bog‘liq xavf
Homiladorlik paytida umumiy toniko-klonik epileptik xurujlar va gipoksiya rivojlanishi bilan kechuvchi epileptik status, onaga ham, homilaga ham o‘lim xavfi mavjudligi sababli katta xavf tug‘dirishi mumkin.
Homiladorlik davrida Depakin® siropini qo‘llash bilan bog‘liq xavf
Sichqon, kalamush va quyonlarda olib borilgan reproduktiv toksiklik bo‘yicha eksperimental tadqiqotlar natijalari valproat kislotasining teratogen ta’sirini ko‘rsatgan.
Tug‘ma rivojlanish nuqsonlari
Mavjud klinik ma’lumotlar homiladorlik paytida valproat kislotasini qabul qilgan onalardan tug‘ilgan bolalarda asab nayining tug‘ma nuqsonlari, bosh va yuz deformatsiyalari, oyoq-qo‘l rivojlanishidagi nuqsonlar, yurak-tomir tizimi nuqsonlari, gipospadiyalar, shuningdek, turli organ tizimlarini qamrab oluvchi ko‘p sonli rivojlanish nuqsonlarining yuqori chastotada uchrashi haqida ko‘rsatadi. Epilepsiyaga chalingan va homiladorlikda valproat kislotasi bilan monoterapiya olgan onalardan tug‘ilgan bolalarda rivojlanish nuqsonlari xavfi fenitoin, karbamazepin, fenobarbital va lamotridjin bilan monoterapiya olgan bolalarga qaraganda mos ravishda 1,5, 2,3, 2,3 va 3,7 baravar yuqori bo‘lgan. Registr va kohort tadqiqotlarini o‘z ichiga olgan meta-tahlil ma’lumotlari shuni ko‘rsatdiki, homiladorlikda valproat kislotasi bilan monoterapiya olgan epilepsiyaga chalingan onalardan tug‘ilgan bolalarda rivojlanish nuqsonlari chastotasi 10,73% ni (95% ishonch oralig‘i 8,16–13,29) tashkil etgan. Bu umumiy populyatsiyadagi og‘ir rivojlanish nuqsonlari xavfi (2–3%) bilan solishtirganda sezilarli darajada yuqoridir. Ushbu xavf dozaga bog‘liq bo‘lsa-da, xavfsizlik chegarasini, ya’ni bu xavf mavjud bo‘lmagan eng past dozani aniqlashning iloji yo‘q.
Ruhiy va jismoniy rivojlanishdagi buzilishlar
Valproat kislotasining bachadon ichidagi ta’siri ruhiy va jismoniy rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aniqlangan. Bu xavf, ehtimol, dozaga bog‘liq bo‘lib, lekin bunday xavf mavjud bo‘lmagan eng past dozani aniqlashning imkoni yo‘q. Ushbu ta’sirlarning rivojlanishi uchun aniq homilalik davri belgilanmagan va homiladorlik davomida xavf istisno etilmagan. Bachadon ichida valproat kislotasining ta’siriga uchragan maktabgacha yoshdagi bolalarda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bunday bolalarning 30–40 foizida erta rivojlanish kechikishlari (masalan, yurishni o‘zlashtirishdagi kechikish va nutq rivojlanishidagi kechikish) mavjud bo‘lgan, shuningdek, intellektual qobiliyatlar pastroq, nutq qobiliyati zaifroq (o‘z nutqi va nutqni tushunishi), xotira bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lgan.
Valproat kislotasining bachadon ichidagi ta’siriga uchragan va 6 yoshida tekshirilgan bolalarda aqliy rivojlanish indeksi (IQ) boshqa antiepileptik preparatlarga duchor bo‘lgan bolalarga qaraganda o‘rtacha 7-10 punktga pastroq bo‘lgan.
Garchi boshqa omillar bachadon ichida valproat kislotasi ta'siriga uchragan bolalarning intellektual rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa-da, ushbu bolalarda intellektual buzilishlar xavfi ona IQ indeksidan mustaqil ravishda oshganligi aniq. Uzoq muddatli natijalar bo‘yicha ma'lumotlar cheklangan.
Mavjud ma'lumotlar shuni ko'rsatadiki, bachadon ichida valproat kislotasi ta'siriga uchragan bolalarda autizm spektridagi buzilishlar (taxminan uch-besh baravar ortgan xavf) rivojlanish ehtimoli, shu jumladan bolalar autizmi xavfi oshgan. Cheklangan ma'lumotlar valproat kislotasi ta'siriga uchragan bolalarda diqqat yetishmovchiligi va giperfaollik sindromi (DYuS/GF) rivojlanish ehtimoli yuqoriligini ko'rsatadi. Valproat kislotasi bilan monoterapiya va uni o‘z ichiga olgan kombinatsiyalangan terapiya homiladorlikda nojo‘ya ta’sirlar bilan bog‘liq, ammo mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, valproat kislotasini o‘z ichiga olgan kombinatsiyalangan antiepileptik terapiya, faqat valproat kislotasi bilan monoterapiyaga nisbatan homiladorlikda nojo‘ya ta’sirlar xavfini oshiradi (ya’ni, valproat kislotasini faqat monoterapiyada qo‘llaganda homilaga bo‘lgan xavf nisbatan kamroq). Homila rivojlanishidagi nuqsonlar xavfini oshiruvchi omillar quyidagilar: sutkalik doza 1000 mg dan yuqori bo‘lishi (ammo pastroq dozalarda ham ushbu xavf istisno qilinmaydi) va valproat kislotasini boshqa antikonvulsantlar bilan qo‘llash.
Yuqoridagilarni hisobga olib, Depakin® siropini homiladorlikda va tug‘ish yoshidagi ayollarda faqat zarur hollarda qo‘llash kerak, ya’ni boshqa antiepileptik dorilar samarali bo‘lmaganida yoki bemor ularni qabul qila olmaganda qo‘llash mumkin.
Depakin® siropini qo‘llash zarurati yoki undan voz kechish imkoniyati dori qabul qilishdan oldin hal qilinishi kerak yoki, agar Depakin® siropini qabul qilayotgan ayol homiladorlikni rejalashtirsa, qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Tug‘ish yoshidagi ayollar Depakin® siropi bilan davolanish vaqtida samarali kontratseptsiya usullaridan foydalanishlari shart. Bunday ayollar homiladorlik davrida valproat kislotasini qo‘llash bilan bog‘liq xavf va foyda haqida xabardor bo‘lishlari kerak.
Agar epilepsiya bilan kasallangan ayol homiladorlikni rejalashtirsa yoki unda homiladorlik aniqlansa, valproat kislotasi bilan davolash zaruriyatini qayta baholash lozim. Davolashni davom ettirish yoki to‘xtatish masalasi foyda va xavf nisbatini qayta baholashdan keyin hal qilinadi. Agar foyda va xavf nisbatini qayta baholashdan so‘ng Depakin® siropi bilan davolash homiladorlikda davom ettirilishi kerak bo‘lsa, u minimal samarali sutkalik dozada va bir necha qabulga bo‘lingan holda qo‘llanishi tavsiya etiladi.
Homiladorlik davrida
Homiladorlikda preparatning boshqa shakllariga nisbatan uzaytirilgan chiqarilish shakllaridan foydalanish afzalroqdir. Imkon qadar, homiladorlikdan oldin foliy kislotasini (kuniga 5 mg dozada) qabul qilishni boshlash tavsiya etiladi, chunki foliy kislotasi asab nayining rivojlanish nuqsonlari xavfini kamaytirishi mumkin. Biroq, hozirgi ma'lumotlar, valproat kislotasi ta'siridan kelib chiqqan tug‘ma rivojlanish nuqsonlari oldini olishda uning samaradorligini tasdiqlamaydi.
Asab nayining yoki homilaning boshqa rivojlanish nuqsonlarini aniqlash uchun maxsus prenatal diagnostikani muntazam (shu jumladan, homiladorlikning III trimestrida) o‘tkazish tavsiya etiladi, bu batafsil ultratovush tekshiruvini o‘z ichiga oladi.
Tug‘ruq oldidan
Onada trombotsitlar soni, fibrinogen miqdori va qonni ivish vaqti (AChTV)ni o‘z ichiga olgan koagulyatsion testlar o‘tkazilishi kerak.
Yangi tug'ilgan chaqaloqlar uchun xavf
Homiladorlik paytida valproat kislotasini qabul qilgan onalarning yangi tug‘ilgan chaqaloqlarida gemorragik sindrom holatlari qayd etilgan. Ushbu gemorragik sindrom trombotsitopeniya, gipofibrinogenemiya va/yoki qonni ivish omillarining kamayishi bilan bog‘liq. Shuningdek, o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan afibrinogenemiya holatlari ham qayd etilgan. Bu gemorragik sindromni fenobarbital va boshqa jigar mikrosomal fermentlari induktorlaridan kelib chiqadigan K vitamini yetishmasligi bilan aralashtirmaslik kerak. Shuning uchun homiladorlikda valproat kislotasini qabul qilgan onalarning yangi tug‘ilgan chaqaloqlarida trombotsitlar miqdori, plazmadagi fibrinogen konsentratsiyasi, qonni ivish omillari va koagulogramma bilan koagulyatsion testlarni o‘tkazish kerak.
Homiladorlikning III trimestrida valproat kislotasini qabul qilgan onalarning yangi tug‘ilgan chaqaloqlarida gipoglikemiya holatlari qayd etilgan. Homiladorlik davrida valproat kislotasini qabul qilgan onalarning yangi tug‘ilgan chaqaloqlarida gipotireoz holatlari ham kuzatilgan. Homiladorlikning III trimestrida valproat kislotasini qabul qilgan onalarning yangi tug‘ilgan chaqaloqlarida bekor qilish sindromi (masalan, ajitatsiya, asabiylik, giperrefleksiya, tremor, giperkineziya, mushak tonusi buzilishi, tutilish va emishda qiyinchiliklar) kuzatilishi mumkin.
Fertillik
Dismenoreya, amenoreya, polikistik tuxumdonlar, qonda testosteron darajasining oshishi kabi holatlar sababli ayollarda fertilitetning pasayishi mumkin. Erkaklarda valproat kislotasi spermatozoidlarning harakatchanligini pasaytirishi va fertilitetni buzishi mumkin. Bu buzilishlar davolash to‘xtatilgandan so‘ng qaytar ekanligi aniqlangan.
Emizish davri
Valproat kislotasining sut bilan chiqarilishi past bo‘lib, sutdagi konsentratsiyasi qon zardobidagi konsentratsiyasining 1-10% ni tashkil etadi. Valproat kislotasini emizish davrida qo‘llash bo‘yicha klinik ma’lumotlar cheklangan, shuning uchun emizish davrida uni qo‘llash tavsiya etilmaydi. Adabiyot ma’lumotlari va oz miqdordagi klinik tajriba asosida Depakin® siropi bilan monoterapiya holatida emizishni ko‘rib chiqish mumkin, lekin bunda, ayniqsa, preparatning gematologik buzilishlar kabi nojo‘ya ta’sirlariga e’tibor berish kerak.